Mamlakatimiz o’quvchilari PIRLS – 2021 xalqaro baholash dasturida ishtirok etadi

2021 yilda o’tkaziladigan PIRLS xalqaro baholash dasturida 70 ga yaqin davlatlar qatorida mamlakatimizdagi 4-sinf o’quvchilari ham ilk marotaba ishtirok etadi.

Tadqiqotlar 2001, 2006, 2011, 2016 yillarda o’tkazilgan bo’lib, 2021 yil tadqiqotning beshinchi davriyligi hisoblanadi. Har besh yilda o’tkaziladigan PIRLS dasturi 4-sinf o’quvchilarining o’qib tushunish ko’nikmasini xalqaro darajada baholaydi.

Mazkur dastur 4-sinf o’quvchilarining matematika va tabiiy fanlardan bilim darajasini baholaydigan TIMSS dasturini to’ldirishga yo’naltirilgan bo’lib, Boston kollejidagi TIMSS va PIRLS xalqaro markazi, IEA tashkilotining Gamburg va Amsterdam shaharlaridagi idoralari bilan yaqindan hamkorlikda boshqariladi.

O’quvchilarning erishgan yutuqlarini baholash barcha o’quvchilardan emas, balki ushbu qatlam vakillari sifatida tanlab olingan o’quvchilardan ob’ektiv testlarni o’tkazish orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, maktab direktorlari, o’qituvchilar, o’quvchilar, hattoki ota-onalardan so’rovnomalar o’tkazilib, ta’lim sifatiga ta’sir etuvchi omillarga doir qimmatli ma’lumotlar to’planadi.

PIRLS xalqaro tadqiqoti boshlang’ich sinf o’quvchilarining o’qib tushunish ko’nikmalarini qay darajada rivojlanganligi haqidagi ma’lumotlarni xalqaro miqyosda taqqoslash imkonini beradigan, o’qish va o’qitishni yaxshilashda ta’lim sohasidagi davlat siyosatiga xizmat qilishi mumkin bo’lgan tahlillarni taqdim etadigan yirik xalqaro baholash dasturi hisoblanadi.

Hozirgi vaqtda PIRLS ta’rifiga ko’ra, o’qish savodxonligi jamiyat tomonidan talab qilinadigan va inson tomonidan qadrlanadigan yozma til shakllarini tushunish va ulardan foydalanish, shuningdek, matnlardan turli shakllarda ma’no hosil qila olish qobiliyati hamdir.

Tadqiqot doirasida asosiy e’tibor tushunishni namoyon qilishdan o’zlashtirilgan ma’lumotlarni qanday qilib yangi loyihalar va vaziyatlarda qo’llay olish qobiliyatlarini namoyon qilishga qaratilmoqda.

O’quvchi bu jarayonning faol qatnashuvchisi bo’lib, ma’no yaratadi, matn ustida mushohada yuritadi va samarali o’qish strategiyalarini ongli ravishda tanlab qo’llaydi. Har bir matn turi odatiy shakl va qoidalarga amal qilgan holda o’quvchiga matnni sharhlashga yordam beradi. Har qanday matn turli shaklga ega bo’lishi mumkin. Bular an’anaviy kitoblar, jurnallar, hujjatlar va gazetalar, shuningdek, raqamli ko’rinishdagi yozma shakllarni ham o’z ichiga oladi.

PIRLS boshlang’ich sinf o’quvchilarining sinf va sinfdan tashqari o’qishini baholashda ikkita keng qamrovli maqsadga, ya’ni “badiiy tajriba orttirish”, “axborotni olish va undan foydalanish”ga qaratiladi. O’z navbatida, ushbu maqsadlarning har biri to’rtta keng tushunish jarayonini birlashtiradi. Bular:

diqqatni jamlash va aniq ko’rsatilgan ma’lumotlarni topish;

to’g’ridan-to’g’ri xulosalar chiqarish;

kontent va matn elementlarini baholash va tanqid qilish;

g’oyalar va axborotni talqin qilish va uyg’unlashtirish.

Tadqiqotdagi matnlar murakkabligiga ko’ra, o’rtacha 500 dan 800 tagacha, o’quvchilarning o’qish savodxonligi darajasi past bo’lgan mamlakatlar uchun 400–500 ta, ePIRLSda esa, taxminan 1000 ta so’zdan iborat bo’ladi.

Matnning mazmuni 9-10 yoshdagi o’quvchilarga mos, ayrim madaniyatlarga juda xos bo’lgan mavzulardan chetlashgan, shuningdek, qiziqarli hamda o’quvchiga unchalik tanish bo’lmaydi.

PIRLS tadqiqotida o’qish savodxonligining darajalari quyidagicha tavsiflanadi:

Eng yuqori daraja (625 ball va undan yuqori) – O’quvchilar matnni yaxlit o’zlashtira oladi va ayni paytda uning alohida qismlarini bir-biri bilan bog’liq holda tushunadi. Muallifning g’oyasini izohlashda o’z fikrini asoslash uchun matnga tayana oladi.

Yuqori daraja (550 ball) – O’quvchilar matnning ahamiyatli xabarlarini tushunadi, matnga asoslanib o’z xulosalarini chiqaradi, matn mazmuniga ham, shakliga ham baho bera oladi, uning ayrim til xususiyatlariga e’tibor qarata oladi.

O’rta daraja (475 ball) – O’quvchilar matndan axborot topa oladi, matn shakli va tilining ba’zi xususiyatlaridan foydalanib, matnga asosan o’z xulosalarini chiqaradi.

Quyi daraja (400 ball) – O’quvchilar matnda aniq berilgan va cheklash oson bo’lgan xabarni ajratib oladi.

Tadqiqotda O’zbekistonning boshlang’ich sinf bitiruvchilari boshqa davlatlardagi tengdoshlariga nisbatan qanchalik darajada yaxshi o’qiydi? O’zbekiston o’quvchilarining o’qish savodxonligi qay darajada? O’qish 4-sinf o’quvchilari uchun sevimli mashg’ulotmi? Oila tomonidan savodxonlikni rivojlantirishga qanday hissa qo’shilmoqda? Bugungi kunda bizning mamlakatimizda o’qishni o’rgatish jarayoni qanday tashkil etilgan? O’zbekiston o’qishni o’rgatish jarayonining boshqa davlatlarga nisbatan o’ziga xosligi bormi, agar shunday bo’lsa u nimada namoyon bo’ladi? Boshlang’ich sinflarimizning o’qituvchilari foydalanayotgan metodlar boshqa mamlakat o’qituvchilari foydalanayotgan metodlardan farq qiladimi? kabi asosiy masalalar o’rganiladi.

Shuningdek, tadqiqotda ta’lim sifatiga ta’sir etuvchi omillarni o’rganish va tahlil qilish maqsadida anketa so’rovnomalari ham o’tkaziladi. Jumladan, o’quvchilar so’rovnomasi orqali ishtirokchi haqida ma’lumotlar, oiladagi ta’limiy resurslar, maktabga, o’qituvchiga, o’quv faniga munosabat, o’quvchilar o’rtasidagi munosabat, o’quv fanlari bo’yicha o’zini baholash, sinfdan tashqari mashg’ulotlar to’g’risida ma’lumotlar to’planadi.

O’qituvchilar so’rovnomasi o’qituvchilar haqidagi ma’lumotlar, maktabning jihozlanishi, xavfsizlik, maktab muhiti, o’qitish usuli, malaka oshirish masalalarini o’z ichiga oladi.

Ota-onalar so’rovnomasida ota-onalar haqidagi ma’lumotlar, oiladagi ta’limiy resurslar, farzandini maktabga tayyorlash, maktabga qabul qilinishidan avvalgi ko’nikma va malakalari, ota-onalarning maktabga va o’qishga munosabati o’rganiladi.

Maktab ma’muriyati so’rovnomasi orqali maktab quvvati, joylashuvi, jihozlanishi, ta’limiy resurslar, maktabda o’quv jarayonining tashkil etilishi, maktab muhiti o’rganilib, tahlil etiladi.

Tadqiqotning 2016 yil natijalariga ko’ra, 50 ta mamlakat ichida, Rossiya, Singapur, Gonkong, Irlandiya va Finlyandiya mamlakatlari yuqori natijalarni qayd etgan bo’lsa, shular orasida rossiyalik va singapurlik o’quvchilar matnni o’qish va tushunish bo’yicha eng yuqori natijalarni ko’rsatdi. Shuningdek, Rossiyaning boshlang’ich sinf o’quvchilari ushbu mezon bo’yicha dunyoda etakchilik qildi.

Mazkur davlatlarda o’qish savodxonligi bo’yicha yuqori natijalar quyidagi omillar bilan bog’liq: uydagi kitoblar va raqamli qurilmalarning mavjudligi, ziyoli ota-onalar va ularning kitobga bo’lgan muhabbati, bola maktabga borgunga qadar o’qish-yozishni o’rganganligi hamda maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olish ko’rsatkichining yuqoriligi.

PIRLS tadqiqotida O’zbekiston Respublikasining ishtirok etishi ta’lim sifatini oshirish, xalqaro miqyosda mamlakat nufuzini mustahkamlash bilan birga, o’quvchilar bilimini xalqaro talablar darajasiga olib chiqishga xizmat qiladi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован.