YANGI OʻQUV YILI UCHUN TAYANCH OʻQUV REJASI TASDIQLANDI

Xalq taʼlimi vazirligi umumiy oʻrta taʼlim maktablari uchun 2020-2021 oʻquv yiliga moʻljallangan tayanch oʻquv rejani tasdiqladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy majlisga murojaatida maktab oʻquv dasturlarini ilgʻor xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, oʻquv yuklamalari va fanlarni qayta koʻrib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, darslik va adabiyotlar sifatini oshirish zarur ekanligini taʼkidlagan edi.

Bundan tashqari, 2018-yilning 14-avgust kuni “Yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga taʼlim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilingan boʻlib, unda umumiy oʻrta taʼlimning amaldagi tayanch oʻquv rejasini qayta koʻrib chiqib, 10 foizga qisqartirish vazifasi belgilab berilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Xalqaro baholash dasturlari boʻyicha xalqaro tadqiqotlarda Oʻzbekiston Respublikasining ishtirok etishiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha Yoʻl xaritasi”ning 12-bandida “2019-yil dekabr oyidan boshlab, ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda davlat taʼlim standartlari, oʻquv dasturlari va oʻquv adabiyotlari mazmuniga bosqichma-bosqich oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish” vazifasi belgilangan.

Shuningdek, PISA (The Programme for International Student Assessment) xalqaro baholash dasturida oʻquvchilarning savodxonlik darajalarini aniqlashda kompyuter simulyatsiyali interfaol topshiriqlardan foydalaniladi va barcha sinovlar kompyuter texnikasi yordamida amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya shifokori tomonidan 2018-yil 27-aprelda tasdiqlangan Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarida 1-4-sinf oʻquvchilarining haftalik oʻquv soati jami 88 soat etib belgilangan. Amalda bu soat 98,5 soatni tashkil etib, belgilangan meʼyordan 10,5 soat oshib ketgan. Shu sababli, boshlangʻich sinflarning oʻquv soati Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiqlashtirildi.

Endilikda asosiy eʼtibor fanlarga ajratilgan soatlarga emas, balki ulardan samarali foydalangan holda sifatli taʼlim berishga qaratiladi.

Yuqoridagilar inobatga olinib, quyidagi ishlar amalga oshirildi:

“Tarbiya” fani

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev huzurida 2019-yil 23-avgust kuni kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan yigʻilish bayonining 24-bandida “Milliy gʻoya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuygʻusi” fanlarini birlashtirgan holda 2020-2021 oʻquv yilidan yagona “Tarbiya” fanini joriy qilish belgilangan.

Shu munosabat bilan, “Milliy gʻoya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuygʻusi” fanlarini birlashtirilib, yagona “Tarbiya” fani joriy qilindi. 2020-2021 oʻquv yilidan boshlab 1-11-sinflarida “Tarbiya” faniga 1 soatdan ajratilmoqda.

“Ona tili va adabiyoti” fani

Ona tili va adabiyot fani boʻyicha yetakchi olimlar, soha mutaxassislari va amaliyotchi oʻqituvchilardan iborat ishchi guruhi tomonidan xorijiy davlatlarda ona tili va adabiyot fanining oʻqitilishi tahlil qilindi.

Xususan, ona tili va adabiyoti fanining haftalik oʻquv soati Estoniyada 39 soat, Germaniyada 41 soat, Finlyandiyada 42 soat, Angliyada 43 soat, Janubiy Koreyada 46 soat, Belorussiyada 42 soat, Qozogʻistonda 58 soatni tashkil etadi.

Mazkur davlatlar umumtaʼlim maktablarida ona tili va adabiyot fani umumtaʼlim davrida Estoniyada 1365 soat, Germaniyada 1230 soat, Finlyandiyada 1596 soat, Angliyada 1591 soat, Janubiy Koreyada 1886 soat, Belorussiyada 1428 soat, Qozogʻistonda 1914 soat oʻqitiladi.

Oʻzbekiston umumtaʼlim maktablarida ona tili va adabiyot fanining oʻquv dasturlari xorijiy tajribalar asosida oʻquvchilarda tinglab tushunish, oʻqib tushunish, yozish va ogʻzaki nutq koʻnikmalarini shakllantirish hamda rivojlantirishga yoʻnaltirilgan holda takomillashtirildi.

Yangi umumiy oʻrta taʼlim maktablari uchun 2020-2021 oʻquv yiliga moʻljallangan tayanch oʻquv rejada ona tili va adabiyot fanini haftada 57 soat, yillik jami 1938 soat oʻqitilishi belgilangan.

Oʻquv dasturlarni chuqur tahlil qilish natijasida muomalada ishlatilmaydigan qoidalar, murakkab grammatikaga oid, oliy maʼlumotli filolog mutaxassisini tayyorlashga yoʻnaltirilgan mavzular oʻquv dasturlaridan qisqartirildi.

Xususan, 5-sinfda ona tili va adabiyoti fanidan 30 ta mavzu, 6-sinfdan 17 ta mavzu chiqarib tashlandi. Shuningdek, 5-sinfdagi 40 ta mavzu, 6-sinfda 23 ta mavzu yuqori sinflarga oʻtkazildi.

Shuningdek, yangi oʻquv yili uchun tasdiqlangan tayanch oʻquv rejasidagi oʻquv soatlari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya shifokori tomonidan 2018-yil 27-aprelda tasdiqlangan Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga moslashtirildi.

Bundan tashqari, bu borada mutaxassis olimlarning fikrlari ham oʻrganildi, xususan, filologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Mengliyev bu haqida shunday deydi:

Ona tili boʻyicha hosil qilinadigan malakani ikkiga ajratish mumkin:

1) til jamiyatidan oʻzlashtiriladigan malaka (fonetik va grammatik malaka);

2) maktabda egallanadigan malaka (imlo, punktuatsiya, leksika va b.)

Fonetika va grammatikaning imlo bilan bogʻliq jihatidagina taʼlimga ehtiyoj sezamiz. Fonetika va grammatikaga doir bundan boshqa bilimlarni keraksiz bilim deyish mumkin. Shu asosda ona tilidan “kerakli” (ishlaydigan) va “keraksiz” (ishlamaydigan) bilimni farqlash lozim. Ona tili darsliklariga yillar davomida kirib qolgan va “ishlamaydigan”, taʼlimiga davlat mablagʻi, oʻquvchining vaqti va ota-onaning puli behuda sarflanayotgan bunday mavzularni qanday ajratamiz?

Shuningdek, olim tomonidan keltirilgan ayrim dalillarga koʻra:

1. Urgʻu bilan bogʻliq mavzular. Oʻzbek tili – agglyutinativ til. Bunday tillarda grammatika juda rivojlangan, shuning uchun soʻz maʼnolarini urgʻu farqlamaydi va u nutqda sezilarsiz boʻladi (koʻzlar – “koʻp koʻz”; koʻzlar – “moʻljallar”). Uni taʼlim bilan rivojlantirish imkonsiz. Oʻzbek tilidagi soʻz urgʻusi qoidalar asosida aniqlanadi, nafaqat oʻquvchi, hatto oʻqituvchining oʻzi ham uni topishda qiynalishining sababi ana shunda. Uni oʻqitishga hech qanday hojat yoʻq. Bu mavzu 1-sinfdan 11-sinfgacha taxminan 5 soat hajmida oʻqitiladi.

2. Soʻz yasalishi bilan bogʻliq mavzular. Til egalari nutqida soʻz yasamaydi, balki (tubmi, yasamami) tayyor soʻzdan foydalanadi. Soʻz yasamas ekanmiz, bu boʻyicha bilimlar ham ishlamaydi. Demak, bu mavzu taʼlimi ham keraksiz. Mavzu 1-11-sinflarda taxminan 12 soat oʻqitiladi.

3. Soʻzlarning birikish usullari (boshqaruv, moslashuv, bitishuv) bilan bogʻliq mavzular. Ogʻzaki va yozma nutq uchun bu bilimlar ham mutlaqo ishlamaydi. Bu mavzular rus tili grammatikasidan aynan koʻchirilgan, oʻzbek tili tabiatiga sira ham mos emas. Bu mavzuga ham 1-sinfdan 11-sinfgacha taxminan 5 soat ajratilgan.

Afsuski, mazkur fanlarni oʻqitishga ajratilayotgan soatlar hajmi, jalb etilayotgan oʻqituvchilar soniga koʻra xalq taʼlimi tizimiga oʻqitish uchun ajratilayotgan mablagʻlarning eng katta qismi sarflanayotgan boʻlsa-da, oʻquvchilarning savodxonlik darajasi pastligicha qolmoqda. Eng achinarlisi, oʻqituvchilarning oʻzlari ham oʻz mutaxassisligi boʻyicha yetarli kompetentlikka ega emasligi Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida oʻtkazilgan test sinovlari natijasida maʼlum boʻldi.

Aslida oʻquvchilarga biror bilimni oʻrgatish unga ajratilgan soatda emas, balki uni oʻrgatish metodikasiga bogʻliq. Masalan, ayrim oʻqituvchilar bitta mavzuni soatlab oʻquvchilarga tushuntiradi, lekin oʻquvchilar bu mavzuni yetarlicha tushunmaydi. Bu borada tajribali oʻqituvchi esa oʻsha mavzuni 10-15 minutda qiziqarli tarzda oʻquvchilarga tushuntiradi. Shunday ekan, fanga ajratilgan soatga emas, balki uni oʻqitish metodikasini kuchaytirish zarur boʻladi.

“Ona tili” darsliklarini tahlil qilish natijasida keraksiz, til malakasi uchun “ishlamaydigan” juda koʻp mavzular chiqarib tashlandi.

“Matematika” fani

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasi hamda 2020-yil 31-yanvar kuni matematika, kimyo, biologiya va geologiya ilm-fanini rivojlantishga bagʻishlangan yigʻilishida ilm-fan sohasida islohotlarni tizimli tashkil etish maqsadida va yurtimizda azaldan rivojlangan ilmiy maktablar, hozirgi bosqichdagi milliy manfaatlarimiz va taraqqiyotimiz yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda ilm-fanning ustuvor yoʻnalishlari sifatida matematika, kimyo, biologiya va geologiya sohalari belgilandi.

Shuningdek, oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasiga “Matematika” fani majburiy fan sifatida kiritildi.

Shu sababli, oʻquvchilarga matematika fanini chuqurroq oʻrgatish maqsadida 10-sinfda “Algebra” faniga haftasiga 1 soat qoʻshib berildi va ushbu fanning haftalik oʻquv soati miqdori 3 soatga keltirildi.

“Informatika va axborot texnologiyalari” fani

Mamlakatimizda ilm-fanni yana-da ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak maʼnaviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlagan ishlarimizni jadal davom ettirish va yangi, zamonaviy bosqichga koʻtarish maqsadida 2020-yil “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nomlandi.

Joriy yilda mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha tub burilish qilish, bu soha uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, taʼlimning barcha bosqichlarida xalqaro andozalarga toʻliq javob beradigan axborot texnologiyalari joriy etilishi rejalashtirilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, 5-6-sinflarda “Informatika va axborot texnologiyalari” faniga haftasiga 0,5 soatdan qoʻshib berildi va ularning haftalik oʻquv soatlari miqdori 1 soatga keltirildi.

Bu orqali oʻquvchilarning xalqaro baholash dasturlari boʻyicha xalqaro tadqiqotlarda muvaffaqiyatli ishtirok etishiga tayyorgarlik koʻrish maqsad qilingan.

“Kimyo” va “Biologiya” fanlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasi hamda 2020-yil 31-yanvar kuni matematika, kimyo, biologiya va geologiya ilm-fanini rivojlantishga bagʻishlangan yigʻilishida ilm-fan sohasida islohotlarni tizimli tashkil etish maqsadida va yurtimizda azaldan rivojlangan ilmiy maktablar, hozirgi bosqichdagi milliy manfaatlarimiz va taraqqiyotimiz yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda ilm-fanning ustuvor yoʻnalishlari sifatida matematika, kimyo, biologiya va geologiya sohalari belgilandi.

Shu sababli, oʻquvchilarga STEAM taʼlimi yoʻnalishidagi fanlarni chuqurroq oʻrgatish maqsadida 10-11-sinflarda “Kimyo” va “Biologiya” fanlariga 1 soatdan qoʻshib berildi va ularning haftalik oʻquv soatlari miqdori 3 soatga keltirildi.

“Geografiya va iqtisodiyot” fani

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining 8-bandida “Bir-biri bilan uzviy bogʻliq boʻlmagan fanlar asosida tuzilgan oʻquv dasturidan bosqichma-bosqich voz kechish va oʻquv fanlari sonini optimallashtirish” vazifasi belgilangan.

Shu munosabat bilan, “Geografiya”, “Iqtisodiy bilim asoslari”, “Tadbirkorlik asoslari” fanlarini birlashtirgan holda, yagona “Geografiya va iqtisodiyot” fani kiritildi. Bu orqali oʻquvchilarning moliyaviy savodxonligini oshirish va Xalqaro baholash dasturlari boʻyicha xalqaro tadqiqotlarda Oʻzbekiston Respublikasining muvaffaqiyatli ishtirok etishiga tayyorgarlik koʻrish maqsad qilingan. Shuningdek, PISA (The Programme for International Student Assessment) xalqaro baholash dasturida oʻquvchilarning moliyaviy savodxonlik darajasi baholanishi nazarda tutilgan.

“Jismoniy tarbiya” fani

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya shifokori tomonidan 2018-yil 27-aprelda tasdiqlangan Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarida 1-4-sinf oʻquvchilarining haftalik oʻquv soati jami 88 soat belgilangan. Amalda bu soat 98,5 soatni tashkil etib, belgilangan meʼyordan 10,5 soat oshib ketgan. Shu sababli, boshlangʻich sinflarning oʻquv soatlari Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiqlashtirildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlangan 2019-yil 30-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 5 tashabbusini amalga oshirish toʻgʻrisida”gi majlis bayoni ijrosini taʼminlash maqsadida umumiy oʻrta taʼlim maktablarida doimiy tarzda ommaviy sport turlari musobaqalarini oʻtkazish orqali oʻquvchilarning jismoniy sogʻlom boʻlishlari, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish ishlari yoʻlga qoʻyilgan.

Shu sababli, 1-4-sinflarda “Jismoniy tarbiya” fanining haftalik oʻquv yuklamasi 1 soatdan belgilandi.

“Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik” fani

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida maktab oʻquv yuklamalari va fanlarni qayta koʻrib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish taʼkidlandi.

Bu borada ilgʻor xorijiy davlatlarning umumtaʼlim fanlari va oʻquv yuklamalari oʻrganib chiqildi.

Oʻrganish natijalarida ilgʻor xorijiy (Angliya, Germaniya, Finlyandiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Estoniya kabi) davlatlarda mazkur fan oʻtilmasligi aniqlandi. Shuningdek, “Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik” fani oʻqituvchisi “Jismoniy tarbiya” fani oʻqituvchisi bilan hamkorlikda oʻquvchilar oʻrtasida turli sport musobaqalarini oʻtkazadi.

Shu sababli, 10-11-sinflarda “Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik” fanining haftalik oʻquv yuklamasi 1 soatdan belgilandi.