Birinchi sinfga qabul jarayoni iyuldan boshlanadi

O‘zbekistondagi epidemiologik vaziyat tufayli maktablarning 1-sinfiga qabul jarayoni iyul oyidan boshlanadi. Bu haqda Xalq ta’lim vazirligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, amaldagi tartibga ko‘ra, har yili 1 iyundan 31 avgustga qadar Respublikadagi barcha maktablarning 1 sinfiga qabul jarayonlari amalga oshirilgan. Buning uchun ota-onalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri maktablarga borib hujjatlarni topshirgan. Karantin sharoitida buni amalga oshirish, ya’ni ota-onalarning ta’lim muassasalariga yozgi mavsumda ham kelishlarini ta’minlash muammo yuzaga keladi.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida 2020 yil 30 aprelda o‘tkazilgan 28-sonli yig‘ilish bayoniga muvofiq respublikamizda karantin cheklovlari bosqichma-bosqich yumshatilib borilayotganligini inobatga olib, hamda pandemiya ta’siri to‘liq bartaraf etilguniga qadar 1 sinfga qabul jarayonlarini iyun oyidan iyul va avgust oyiga ko‘chirish belgilangan“, deyiladi vazirlik xabarida.

Buning natijasida:

1. Ota-onalarning maktablarga tashrifini cheklash orqali karantin qoidalariga to‘liq rioya etilishi ta’minlanadi.

2. Iyun oyida umumta’lim maktablari bitiruvchilarining hujjatlarini rasmiylashtirish bilan, oliy o‘quv yurtiga hujjatlarni topshirishga tayyorlaydi.

1 sinfga qabul jarayonlari boshlanganidan so‘ng, maktab ma’muriyati orqali qo‘shimcha ma’lumot olish mumkin bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 2019-2020 yil o‘quv yili bo‘yicha yakunlar e’lon qilingandi. Shuningdek, maktabda berilgan oltin medallar hech qanday imtiyoz bermasligi ma’lum qilindi.