MAKTABLARDA YANGI OʻQUV YILIDA VARIATIV OʻQUV REJALARINI SINOVDAN OʻTKAZISH DAVOM ETTIRILADI, YANGI YOʻNALISHLAR JORIY ETILMOQDA

Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida 2020-2021 oʻquv yilida ham variativ oʻquv rejalarini tajriba-sinovdan oʻtkazish ishlari davom ettiriladi. Shu bilan birga tanlov yoʻnalishlari soni oshiriladi.

Eslatib oʻtamiz, 2019-2020 oʻquv yilining uchinchi choragidan boshlab, tajriba sifatida 10-11-sinflarda fanlar ixtiyoriy tanlov asosida oʻqitila boshlandi.

Variativ oʻquv rejalarini joriy qilishdan maqsad oʻquvchilarning oʻzi qiziqqan fanlarni chuqur oʻrganishiga sharoit yaratish, maktab bitiruvchilarining oliy oʻquv yurtiga kirish imtihoniga tayyorgarlik koʻrishini taʼminlash va yuqori sinflarda oʻquv jarayonini kasblarga yoʻnaltirilgan holda tashkil etishdan iborat.

Variativ oʻquv rejalarining joriy qilinishi ixtiyoriy boʻlib, maktabda tanlov sinfini tashkil etishda yuqori malakali, tajribali oʻqituvchilarning mavjudligi inobatga olinadi.

Xalq taʼlimi vazirining “Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida variativ oʻquv rejalarni tajriba-sinovdan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi qabul qilindi. (Ilova)

Mazkur buyruqqa asosan 2019-2020 oʻquv yilida variativ oʻquv rejalari joriy etgan maktablarda yoʻlga qoʻyilgan tajriba-sinov yoʻnalishi yangi 2020-2021 oʻquv yilida ham davom etadi.

Qabul qilingan buyruqqa koʻra, 2020-2021 oʻquv yiliga moʻljallangan tayanch oʻquv rejada belgilangan umumiy haftalik dars soatlari hajmi saqlanib qolinadi.

Respublika taʼlim markazi joriy yilning 1-avgustiga qadar variativ oʻquv rejalar boʻyicha namunaviy taqvim-mavzu rejalarni ishlab chiqaradi.

Yangi oʻquv yilida umumiy oʻrta taʼlim maktabining 7-, 8- va 9-sinflarida ham tanlov sinfini tashkil etish imkoniyati yaratilmoqda. Oʻtgan oʻquv yilida tanlov sinflari 10-11-sinflar uchun joriy etilgan edi. 7-, 8- va 9-sinflarida ham oʻquvchilar vebfrilans boʻyicha bilim va koʻnikmalarga ega boʻlish imkoniyatiga ega boʻladi.

Buyruq bilan tanlov sinflari yoʻnalishi 5 tadan 12 taga oshirilmoqda:

  • birinchi yoʻnalish: 10-11-sinf uchun — xorijiy til va filologiya yoʻnalishi;
  • ikkinchi yoʻnalish: 10-11-sinf uchun — moliya – iqtisod yoʻnalishi;
  • uchinchi yoʻnalish: 7-8-9-10-11-sinflar uchun — veb-frilanser (internet tarmogʻi orqali mehnat daromadi olish) yoʻnalishi;
  • toʻrtinchi yoʻnalish: 10-11-sinf uchun — texnologiya yoʻnalishi;
  • beshinchi yoʻnalish: 10-11-sinf uchun — tabiiy fanlar yoʻnalishi;
  • oltinchi yoʻnalish: 10-11-sinf uchun — ijtimoiy-gumanitar yoʻnalish;
  • yettinchi yoʻnalish: 10-11-sinf uchun — boshlangʻich taʼlim yoʻnalishi;
  • sakkizinchi yoʻnalish: 10-11-sinf uchun — kimyo texnologiya yoʻnalishi;
  • toʻqqizinchi yoʻnalish: 10-11-sinf uchun — geografiya va geologiya yoʻnalishi;
  • oʻninchi yoʻnalish: 10-11-sinf uchun — maktabgacha taʼlim va psixologiya yoʻnalishi;
  • oʻn birinchi yoʻnalish: 10-11-sinf uchun — tarix va arxeologiya yoʻnalishi;
  • oʻn ikkinchi yoʻnalish: 10-11-sinf uchun — turizm yoʻnalishi. 

10-11-sinflarning tanlov sinfida variativ oʻquv rejani tajriba-sinovdan oʻtkazishda 9 ta majburiy fan oʻqitiladi: ona tili va adabiyot, oʻzbek tili/rus tili, chet tili, tarix, tarbiya, matematika, informatika, jismoniy tarbiya, chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik.

Tanlov fani boʻyicha qoʻshimcha ajratilgan soatlarda quyidagilar amalga oshiriladi:

  • oʻquvchilarga fanlarni chuqur oʻrgatish va tegishli mavzularga doir qoʻshimcha maʼlumotlar berish;
  • oʻquvchilar bilimini mustahkamlash va mavzularni toʻliq oʻzlashtirilishini taʼminlash;
  • “Khan Academy Oʻzbek – Onlayn taʻlim platformasi” taʼlim resurslaridan foydalanish;
  • qoʻshimcha adabiyotlardan misol va masalalar, testlar (DTM saytidagi namunaviy testlar) yechish;
  • oliy taʼlim muassasalari oʻqituvchilarini jalb qilish;
  • oʻquvchilarni oliy taʼlim muassasalarining kirish imtihonlariga tayyorlash.

Tanlov fanlarini chuqur oʻrgatishda darsliklardan tashqari, qoʻshimcha adabiyot va manbalardan foydalanish mumkin. Bunda mualliflik oʻquv dasturlaridan amaliyotda foydalanishga Respublika taʼlim markazi tomonidan ekspertizadan oʻtkazilgan taqdirda ruxsat etiladi.