XALQ TAʼLIMI VAZIRLIGI 50 000 NAFAR XODIMNING BEPUL TAʼLIM OLISHI UCHUN IMKONIYAT YARATMOQDA

Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan Coursera platformasida jahonning yetakchi oliy taʼlim muassasalari va tashkilotlarining 430 ta yoʻnalishlar boʻyicha 3 800 turdagi oʻquv kurslarida xalq taʼlimi tizimidagi 50 000 nafar xodimlar, umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilari va yuqori sinf oʻquvchilari uchun bepul taʼlim olish imkoniyati yaratildi.

Xalq taʼlimi vazirligi hamda Coursera tashkiloti (AQSH) hamkorligida “Coursera Workforce Recovery” dasturi doirasida taʼlim tizimida faoliyat koʻrsatib kelayotgan xodimlar, umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilari va yuqori sinf oʻquvchilari uchun bepul onlayn oʻquv kurslari tashkil etilmoqda.

Aksariyat kurslar va mutaxassisliklarda taʼlim olish odatda obuna asosida oyiga 39-79 AQSH dollarini tashkil etadi. Onlayn kurslar ingliz yoki rus tillarida olib boriladi.

Dastur doirasida maktab bitiruvchilari va yuqori sinf (10-11-sinflar) oʻquvchilarini kelajakda kasbga tayyorlashda qoʻshimcha zarur bilimlarni egallashlari uchun Coursera platformasida mavjud foydali kurslar roʻyxati shakllantiriladi hamda ular boʻyicha onlayn taʼlim olishlari taʼminlanadi.

Coursera onlayn kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan mamlakatimiz oʻqituvchi va oʻquvchilari xalqaro miqyosda tan olingan sertifikatlarga ega boʻlishlari va qoʻshimcha daromad olishlari mumkin. Taʼkidlash kerakki, ushbu sertifikat dunyoning rivojlangan davlatlarida, xususan, AQSH, Kanada, Avstraliya va koʻplab Yevropa mamlakatlarida tan olinadi.

Turli mutaxassisliklar boʻyicha xalqaro sertifikatni qoʻlga kiritgan tinglovchilar nafaqat kasbiy rivojlanish yoʻlida ilgʻor qadam qoʻygan boʻladilar, balki onlayn freelancing platformalardan foydalangan holda oʻz daromadlarini oshirish imkoniyatiga ham ega boʻlishlari mumkin. Xalqaro sertifikatlar bilan Preply, Fiver, Upwork va shu kabi freelancing platformalarida qoʻshimcha daromad topish mumkin.

Mazkur kurslarda taʼlim olish uchun tinglovchilardan ingliz tili yoki rus tilini bilish darajasi kamida B1 boʻlishi talab etiladi.

Onlayn roʻyxatdan oʻtish uchun: https://bit.ly/37wDabK

Batafsil maʼlumot uchun: https://t.me/courserauz.

Coursera yordamida yangi bilim va koʻnikmalarga ega boʻling!