O’zbekiston maktablariga raqamli texnologiyalar nega kerak?

Bugungi kunda maktab o’quvchilarining ota-onalari ba’zida hal etilishi va nazorat qilinishi mushkul bo’lgan ko’plab qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Hatto o’zlarini butkul oilaga bag’ishlagan onalar ham har doim maktabdagi voqealardan xabardor bo’lishga ulgurmaydi. 

Bolalar jazolanishdan qo’rqib, ba’zan ota-onalarini aldaydi: baholarni o’chiradi, ikkilarni to’g’rilab qo’yadi, xulqi yoki dars qoldirgan haqidagi tanbehlarni bo’yab tashlaydi. Onalar va otalar maktabda hammasi yaxshi deb o’ylaydi, keyin esa ota-onalar yig’ilishida farzandlarining o’zlashtirishi yomon ekani yoki ularning nomunosib xulqi haqida bilib, hayron qoladi. Natijada bu sirlar hamma uchun jiddiy boshog’riqqa aylanadi.

Texnologiyalar – maktab muammolarining echimi 

Bugun butun dunyoda, shu jumladan O’zbekistonda ham, ta’lim tizimiga joriy etilayotgan raqamli texnologiyalar ana shu muammolarni bartaraf etishga xizmat qilmoqda. Masalan, elektron kundalik yordamida ota-onalar uydan chiqmasdan va ishdan chalg’imasdan baholarni, uy vazifalarini va davomatni nazorat qilishi mumkin. Ushbu raqamli vosita eng muhim yangiliklarni, masalan, jadvaldagi o’zgarishlarni yoki bayram formasida kelish zaruratini bilish imkonini beradi. Agar biror o’qituvchi yoki boshqa ota-onalar bilan biror masalani muhokama qilish kerak bo’lsa, buni ham tizim ichida tez va oson bajarish mumkin. Ushbu qulay imkoniyatdan foydalanish uchun esa internetga ulanadigan har qanday gadjet – smartfon, planshet yoki kompyuter kerak bo’ladi, xolos. 

Ilg’or mamlakatlar tajribasi 

Bugungi kunda ta’lim sohasidagi raqamli texnologiyalar eng ko’p muhokama qilinadigan mavzuga aylangan. Ularning tarafdorlari va ularga qarshi bo’lganlarning ko’plab fikr-mulohazalari mavjud, biroq maktab ta’limi sohasida juda yuqori natijalarni namoyish etayotgan mamlakatlar, masalan, Finlyandiya, Koreya, Amerika tajribasi bugungi kunda texnologiyalardan foydalanmasdan bolalarni bugungi hayotga sifatli tayyorlash imkoni yo’qligini ko’rsatmoqda. Xususan, Finlyandiya maktablarida raqamli vositalar o’quvchilarga ishda va jamiyatda raqobatbardosh va kuchli bo’lish imkonini beradigan ko’nikmalarni shakllantirishga yordam beradi. Ularning orasida tanqidiy fikrlash, kreativlik, katta axborot oqimidan eng muhimini ajratib olish va undan to’g’ri foydalanish, jamoada ishlash qobiliyati, apparatura va interfeyslarning ishlash asoslarini tushunish kabi ko’nikmalarni ko’rsatib o’tish mumkin. Xelsinki shahrining raqamli etakchisi Pasi Silanderning fikricha, o’quvchilarda aynan shu kelajak bilimlarini rivojlantirish zarur, chunki sof texnik ko’nikmalarni (faktlarni eslab qolish, hisoblash va h.k.) kelgusida u yoki bu hajmda mashinalar o’z zimmasiga oladi. Aytish joizki, Finlyandiyada o’quvchilar AQSh o’quvchilariga qaraganda maktabda yiliga 300 soat kam vaqtini o’tkazadi, ularning uy vazifalari esa Rossiya o’quvchilariniki  singari ko’p emas. Bu mamlakatda ta’lim ko’proq bolalarning tadqiqotlar va hamkorlikdagi loyihalar doirasida mustaqil ishlashiga mo’ljallangan, ularni bunga raqamli texnologiyalar rag’batlantiradi. O’qituvchiga esa ustoz roli berilgan bo’lib, u har bir o’quvchiga nisbatan shaxsiy-mo’ljalli yondashuvni qo’llaydi. Ammo bu tizim muvaffaqiyatli ishlashi uchun o’qituvchilarning o’zi ta’lim uchun mo’ljallangan raqamli vositalarning ishlash tamolliylari  va mexanizmlarini yaxshi tushunishi lozim. Shu ma’noda Koreya Respublikasining tajribasi juda qiziqarli. Bu mamlakatda o’qituvchilarning malakasini oshirish tizimi masofaviy ta’limga urg’u bergan holda tashkil qilingan. Shuningdek bu erda ta’lim sohasida elektron axborot xizmati mavjud bo’lib, unga mamlakatning istalgan fuqarosi murojaat qilishi mumkin. Shu bilan birga, Koreyada uyda ta’lim olish elektron tizimi ham amal qiladi, u maktabdan kelgandan keyin o’quv jarayonini uyda davom ettirish uchun mo’ljallangan. Tizim “aqlli” diagnostikani ta’minlaydi va masofadan turib k maslahatlar  taqdim etadi. Qo’shni  Rossiyada ham ta’lim sohasida ko’p yillardan buyon texnologiyalar faol qo’llanib kelinmoqda. Maktabdagi darslarda va mashg’ulotlardan so’ng bolalar o’tilgan materialni raqamli ta’lim trenajyorlari yordamida mustahkamlaydi, uy vazifalarini va elektron kundalik orqali o’rganish uchun qo’shimcha materiallarni oladi, ota-onalar uchun esa bu jarayonlarni onlayn-rejimda nazorat qilish qulay. 

Motivatsiya — rivojlanish dvigateli

Elektron kundalikda o’quvchi bahoni tuzatib qo’yolmaydi yoki uni o’chirib tashlay olmaydi. Shu tariqa bolalarda dars paytida oxirgi partada jimgina o’tirmasdan, balki faolroq bo’lishga, o’z iste’dodi va salohiyatini namoyon etishga ko’proq motivatsiya bo’ladi. Bunda o’qituvchi bevosita dars paytida ota-onaga sharh yozishi, o’quvchini maqtashi yoki, aksincha, uning nomaqbul xulqiga e’tiborni jalb qilishi mumkin. 

Ko’p hollarda o’quvchi uyga kelishi bilan sinfdoshlariga “Uyga nima vazifa berilgandi?” deya qo’ng’iroq qila boshlaydi. Natijada uy vazifasini bajarish bir necha soatga cho’zilib ketadi, dam olishga va o’z-o’zini rivojlantirishga kam vaqt qoladi. Elektron kundalikda esa hammasi qayd etib boriladi: uy vazifalari, qoldirilgan darslar, sharhlar, baholar, tadbirlar haqidagi e’lonlar. Agar uy vazifasini bajarish jarayonida o’quvchida savol tug’ilsa, uni bevosita tizim orqali o’qituvchidan aniqlashtirib olishi mumkin. Pedagog, o’z navbatida, qo’shimcha o’quv materialini taqdim etishi, videodarsga havola jo’natishi mumkin. Bunday yondashuv o’quvchida mustaqillikni, intizomni va o’z yutuqlari va muvaffaqiyatsizliklari uchun mas’uliyat hissini shakllantiradi. Qo’shimcha ta’lim resurslaridan foydalanish bolalarga yangi bilimlar va ko’nikmalarga ega bo’lishga yordam beradi.

Bugun maktablar internet va kompyuterlar bilan jihozlanmoqda. Bu o’qituvchilar va o’quvchilarga elektron kundaliklar bilan ishlash qulay bo’lishi, o’z vaqtini tejashi va o’zini ko’proq ijodiy tomondan namoyon etishi uchun zarur. 

O’qituvchi uchun foyda 

Yaqinda o’qituvchilarning pedagogik yuklamasini optimallashtirish maqsadlarida to’ldiriladigan hujjatlar soni qisqartirildi. Endi o’qituvchilar elektron jurnalni bevosita dars paytida to’ldirishi mumkin. Bunda davomatni tekshirishga, uy vazifasini tushuntirishga va baholarni e’lon qilishga vaqt sarflash xojat emas. Elektron jurnal va kundalikdan ko’p yillar davomida foydalanayotgan mamlakatlar tajribasi har chorakda pedagoglar uning yordamida 20 soatdan ortiq vaqtini tejayotganini ko’rsatmoqda.O’qituvchilar bu vaqtni bolalar bilan ijodiy topshiriqlarni bajarishga yoki qo’shimcha o’quv materialini o’tishga sarflashi mumkin.

Jahon tajribasi esa raqamli ta’lim platformalari bilimlar sifatini oshirishini hamda darslarni qoldirish foizini kamaytirishga, o’quvchilarning o’zlashtirish darajasini oshirishga va o’qituvchilarning kundalik mehnatini osonlashtirishga yordam berishini ko’rsatdi. Endi bunday texnologiyalardan mamlakatimizda ham foydalanish mumkin, bu esa kishini quvontirmasdan qoldirmaydi, albatta.