Farzandlarimizni til o’rganish bo’yicha mavjud imkoniyatlardan foydalanishga undaylik!

Biz yoshlikda ingliz tilini o’rganayotganimizda eng katta muammo asl ingliz tilida so’zlovchini (native speaker) nutqini topish bo’lar edi, tanish-bilishlardan ancha qidirib bitta kasseta topsak qanday xursand bo’lib rosa eshitib o’rganar edik. Shuncha qiynalib bo’lsa ham, repetitorsiz TOEFL topshirib, AQShda o’qish imkoniyatiga ega bo’lgandik.

Hozirgi yoshlarda til o’rganish uchun imkoniyatlar juda ko’p. Lekin joylardagi yuqori sinf o’quvchilari bilan suhbatlashganimda ular bunday imkoniyatlardan etarlicha foydalanmayotgani bilinib qolmoqda. Ular bilan muloqot paytida nafaqat ingliz tilida so’zlashishga qiynalishayotgani, balki mahalliy aktsenti ham qattiq sezilayapti.

Online-maktab televizion kanallarida yoshlarimiz ingliz tilini o’rganishlari uchun AQShlik hamkorlarimiz hamda UNODC tomonidan ingliz tilidagi multfilmlar taqdim etilgan. Ularni bemalol darsdan keyin va dam olish kunlari farzandlarimiz tomosha qilib o’rganishlari mumkin.

Undan tashqari, ingliz tili darslarini aynan amerikalik o’qituvchi tomonidan o’tilishini boshladik. Hozircha bitta o’qituvchi darslarni qisman o’tmoqda. Yanvar oyida O’zbekistonga AQShdan bir qator o’qituvchilar etib kelishadi va 1-11-sinflarning barchasiga ingliz tili televizion darslari native speaker tomonidan olib boriladi.

Bu darslarni nafaqat o’quvchilarimiz, balki o’qituvchilarimiz ham tomosha qilishsa, ular ham o’z talaffuzlarini to’g’ri shakllantirishlari uchun foydali bo’ladi. Ular o’qigan universitetlarida ham native speaker bo’lmagan, shuning uchun ularning ko’pchiligida ham mahalliy aktsent shakllangan.

Televizion darslar jadvallari bizning telegram kanallarimizda muntazam e’lon qilib borilmoqda: t.meG’uzedu t.meG’uzeduonlinemaktab

Interneti bor oilalarda esa yoshlarimizni vaqtlarini bekor o’tkazmasdan, ko’proq ingliz tilini o’rganishga sarflashlariga undasak, juda katta imkoniyatlar bor. Masalan, katta qizim maktabida 10 sinfini tugatib, yozgi ta’til paytida uy ishlari bilan band paytida ham TED talks www.youtube.comG’cG’TED seriyalarini eshitib yurib, IELTS Listening qismidan 9 olgan edi.

Albatta, internet uchun infratuzilma kerak, trafik ham ketadi. Lekin Onlayn maktab televizion kanallarini esa respublikamizning deyarli barcha hududlarida bepul ko’rish imkoniyati mavjud.

Shu sababli, hurmatli ota-onalarimizdan va o’qituvchilarimizdan farzandlarimizni ushbu televizion kanallarimiz orqali efirga uzatilayotgan ingliz tilidagi multfilmlarni hamda amerikalik asl ingliz tilida so’zlovchilarning darslarini qo’shimcha mashg’ulot sifatida kuzatib borishlariga undashlarini so’raymiz! Eslatib o’taman, native speaker ko’pgina qimmat xususiy maktablarda va tayyorlov markazlarida ham yo’q.

Ingliz tilini bilgan maktab bitiruvchisining kelgusida muvaffaqiyatga erishish imkoniyatlari til bilmaydigan tengdoshlarinikiga nisbatan ancha yuqori bo’ladi. O’zbekistonda xorijiy korxonalarda yoki xalqaro tashkilotlarda ishlaydimi, turizm va xizmat ko’rsatish sohasida ishlaydimi, albatta, ingliz tili bilgan xodimni oyligi yuqoriroq bo’ladi. Chet elga ishga yoki sayoxatga ketsa ham ingliz tilini bilsa imkoniyatlari yanada kengroq ochiladi. Ingliz tilini yaxshi bilgan o’qituvchilar esa davlat byudjetidan 30% ustama haqi olishi bilan birgalikda repetitorlik orqali qo’shimcha daromad olish imkoniyatiga ham ega bo’ladilar.

Oddiy misol, AQShda biron bir katta kompaniyaning mijozlariga xizmat ko’rsatish bo’yicha telefon nomeriga murojaat qilinsa, odatda hindcha aktsentida javob berishadi, chunki bunday qo’ng’iroqlar to’g’ri Hindistondagi kolltsentrga yuboriladi. Bizda AQShlik iste’molchilar uchun ortiqcha aktsentsiz gapiradigan mutaxassislar ko’proq bo’lsa, kelgusida AQShlik kompaniyalar xizmatlarini O’zbekistonga autsors qilish imkoniyatlari ham kengayadi. Shunga ingliz tilida ravon so’zlashadigan bitiruvchilar oliy ta’limga kira olmasa yoki dasturchilikni o’rgana olmasa, juda bo’lmasa, internet orqali kolltsentr xizmatlarini ko’rsatishi va oila ro’zg’ori uchun qo’shimcha daromad topishi mumkin bo’ladi.